Bosh sahifa Bo'limsiz Talabalari uchun eng ko‘p stipendiya ajratadigan davlatlar

Talabalari uchun eng ko‘p stipendiya ajratadigan davlatlar

201
Talabalari uchun eng ko‘p stipendiya ajratadigan davlatlar

Maqolalar02/01/2025Talabalari uchun eng ko‘p stipendiya ajratadigan davlatlar

  Dunyoning ko‘pgina mamlakatlarida davlat nafaqat universitetlarni qo‘llab-quvvatlaydi, talabalar ta’limi uchun pul ajratadi, balki kam sonli talabalarga mo‘ljallangan yirik stipendiya dasturlarini moliyalashtiradi.

     Ayniqsa, Yevropa davlatlarida katta miqdorda stipendiyalar beriladi, biroq stipendiya olish uchun shunchaki talaba bo‘lish kamlik qiladi – bunda oilaning ta’lim uchun daromadi yetarli emasligini tasdiqlash ham kerak. 

Fransiyada davlat stipendiyasi

   Fransuz universitetlarining aksariyati davlatga tegishli bo‘lishiga qaramay, ularda o‘qish bepul yoki nominal miqdorga teng bo‘lsa ham, Fransiyada barcha talabalar uchun mo‘ljallangan stipendiyalar mavjud emas. Shu bilan birga, Fransiya hukumati stipendiyalarni ijtimoiy mezonlar asosida belgilaydi – bunda ta’lim vazirligi taqsimlash uchun javobgar. Asosiy mezon – oila daromadlari. Ota-ona daromadiga qarab, talaba yiliga 5,5 ming yevrogacha pul oladi, shuningdek, alohida akademik muvaffaqiyatlari uchun qo‘shimcha rag‘batlantirilishi mumkin.

  Bundan tashqari, mahalliy hokimiyat tomonidan qo‘shimcha pul ajratiladi – mintaqa yoki yashash joyiga qarab, talabalar kichik ijtimoiy stipendiyalarni olishlari mumkin. 2014-yilda Fransiya hukumati stipendiya dasturlariga qariyb 2 milliard yevro sarfladi va 562 ming talaba stipendiya oldi. 

Germaniyada davlat stipendiyalari

  Nemis tizimi fransuz tizimiga juda o‘xshash – stipendiyalar oila va talabaning daromadiga qarab belgilanadi: maksimal miqdor – oyiga 670 yevro. Biroq ushbu miqdorning yarmi qaytarib berilmaydi, yarmini talaba foizsiz ssuda sifatida oladi va bitirgandan keyin 20 yil ichida qaytaradi.

  Germaniya hukumati fransuzlarning stipendiyalariga teng miqdorda – taxminan, 1,9 milliard yevro sarflaydi. 600 mingga yaqin talabaga stipendiya beradi. 

Daniyada davlat stipendiyasi

  Daniya stipendiya tizimi bo‘yicha nafaqat Yevropada, balki dunyodagi eng g‘amxo‘r davlatlardan biridir. Ushbu maqsadlar uchun har yili qariyb 1,4 milliard yevro sarflanadi, bu mamlakat aholisini hisobga olganda juda katta miqdorni tashkil etadi.

  Har bir talaba, oilasining daromadidan qat’i nazar, 70 yevro oylik stipendiya olish huquqiga ega. Ota-onasi bilan yashashni davom ettiradiganlar alohida yashaydiganlarga qaraganda kamroq miqdorda pul oladi. Birinchi holatda, maksimal stipendiya 380 yevro, yakka tartibda yashash uchun – 770 yevro beriladi. Ushbu to‘lovlar Daniyada yashash narxidan past bo‘lishiga qaramay, hukumat o‘z talabalariga o‘ta saxiylik bilan pul ajratadi.

  Xo‘sh o‘zimizda-chi? Ayni paytda Markaziy Osiyoning boshqa davlatlarida va O‘zbekistonda talabalarga qancha stipendiya to‘lanadi?

O‘zbekistonda davlat stipendiyasi

  Davlat granti, shuningdek, stipendiyali to‘lov-kontrakt asosida kunduzgi ta’lim shaklida o‘qiyotgan talabalarga bazaviy stipendiya beriladi. Semestrni faqat «a’lo» (86 foizdan yuqori) tarzda yakunlagan talabalarning stipendiyasiga 20 foiz qo‘shiladi.

  Lekin o‘quv semestri yakuni bo‘yicha fanlardan o‘zlashtirish ko‘rsatkichlarining 30 foiz va undan ortiq qismi «qoniqarli» baho (71 foizdan past) bo‘lgan talabalarga keyingi semestr davomida stipendiya to‘lanmaydi.

  Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining bergan ma’lumotga ko‘ra, ayni paytda talabalarga to‘lanadigan bazaviy stipendiya miqdori – 517 880 so‘mni tashkil qiladi. Barcha fanlar bo‘yicha faqat «a’lo» o‘zlashtirish ko‘rsatkichiga (reyting ko‘rsatkichi 86 ball va undan yuqori) ega bo‘lgan talabalar uchun stipendiya – 621 456 so‘m. Bundan tashqari, iqtidorli talabalar uchun nomdor stipendiyalar ham ta’sis etilgan.

  • Prezident stipendiyasi – 2 191 541 so‘m;
  • Beruniy, Ibn Sino, Navoiy, Ulug‘bek, Imom al-Buxoriy, Bobur, Pahlavon Mahmud, To‘lepbergen Qaipbergenov, Ibroyim Yusupov, Islom Karimov va Kamoliddin Behzod nomli davlat stipendiyalari –1 461 028 so‘m.

  Ro‘yxatda ko‘rinib turibdiki, eng qimmat stipendiya – prezident stipendiyasi.

Qozog‘istonda davlat stipendiyasi

(2023-yil, yangi o‘quv yili holatiga ko‘ra): 

  • pedagogika va sog‘liqni saqlash yo‘nalishi talabalari uchun stipendiya — 67 200 tenge (1 mln 777 ming so‘m);
  • oliy o‘quv yurtlari talabalari uchun (sog‘liqni saqlash va pedagogika yo‘nalishlari bundan mustasno) — 41 898 tenge (1 mln 108 ming so‘m);
  • texnik va kasb-hunar ta’limi dasturlarida o‘qiyotgan talabalar uchun — 32 681 tenge (864 ming so‘m);
  • magistratura talabalari uchun — 94 024 tenge (2 mln 486 ming so‘m) stipendiya belgilangan. 

Qirg‘izistonda davlat stipendiyalari

  Qirg‘izistonda (2022-yilgi ma’lumot) talabalarning qancha stipendiya olishiga oid ma’lumotni faqat pedagogika universitetlari talabalari uchun belgilangan miqdorini topa oldik. Unga ko‘ra, 2022-yilgi o‘quv yili holatiga ko‘ra, pedagogika OTMlarining 1-kurs talabalari uchun 1000 som (137 ming so‘m), 2-kurs talabalari uchun 2 000 som (274 ming so‘m), 3-kurs talabalari uchun 3 000 som (411 ming so‘m), 4-kurs uchun 4 000 som (548 ming so‘m) belgilangan.

  Bundan tashqari, Qirg‘izistonda ham faol talabalar uchun prezident stipendiyasi beriladi. Bu stipendiya faol talabalarga bir martalik miqdorda 50 ming som (2021 yilgi miqdori – 6,8 mln so‘m) to‘lanadi. 

Tojikistonda davlat stipendiyalari

  2022-yilgi ma’lumotga ko‘ra, Tojikistonda talabalar oladigan o‘rtacha yuqori miqdordagi stipendiya 368 somoni (405 ming so‘m) hisoblanadi. Ma’lum bo‘lishicha, bir talaba oyiga o‘rtacha 1,5 ming somoni xarajat qiladi. Beriladigan stipendiya uning oylik xarajatlarining faqat bir haftasini qoplashi mumkin.

 Tojikiston va Qirg‘izistonga oid ma’lumotlar asosan 2022-yilga tegishli bo‘lsa-da, ochiq ma’lumotlar asosida Qozog‘iston talabalari eng yuqori stipendiya oladi, deb xulosa qilish mumkin. 

  Talabalarga beriladigan stipendiyalar talabaning sarf-xarajatlariga qanchalik yetadi deb o‘ylaysiz.