Talabalik va o‘quvchilik davri inson hayotidagi eng muhim bosqichlardan biridir. Bu davrda nafaqat bilim olish, balki maqsad qo‘yish, qiyinchiliklarni yengish va kelajak haqida o‘ylash ham muhim.
Ba’zi filmlar shunchaki vaqtni maroqli o‘tkazish uchun emas, balki insonning fikrlash tarzini o‘zgartirish uchun ham xizmat qiladi. Quyidagi 3 ta kino aynan shunday filmlar qatoriga kiradi.
1. “The Pursuit of Happyness” — “Baxt izidan”
2006-yilda suratga olingan filmda Chris Gardner ismli otaning hayoti haqida hikoya qilinadi. U og‘ir moliyaviy sharoitga qaramay, o‘z hayotini o‘zgartirish uchun tinimsiz harakat qiladi.
Filmning o‘quvchi va talabalar uchun eng muhim jihati — muvaffaqiyat birdaniga kelmasligi. Ba'zan inson o‘z maqsadiga erishish uchun uzoq vaqt davomida qiyinchiliklarga chidashi va imkoniyatlardan foydalanishi kerak.
Film o‘qish yoki kasb tanlash davrida bo‘lgan yoshlar uchun ayniqsa qiziqarli. Chunki u insonning hozirgi sharoiti uning kelajakdagi imkoniyatlarini to‘liq belgilab bermasligini ko‘rsatadi.
Film: The Pursuit of Happyness
Yili: 2006
Janr: biografik drama
2. “Dead Poets Society” — “O‘lik shoirlar jamiyati”
Bu film o‘qituvchi va uning o‘quvchilari o‘rtasidagi munosabatlar orqali ta’limning asl maqsadi haqida fikr yuritadi.
Robin Williams ijro etgan John Keating o‘quvchilariga faqat darslikdagi bilimlarni o‘rgatmaydi. Ularni mustaqil fikrlashga, o‘z qarashlariga ega bo‘lishga va hayotdagi o‘z yo‘lini izlashga undaydi.
Film yoshlar uchun muhim savolni qo‘yadi: inson o‘z hayotini o‘zi tanlayaptimi yoki boshqalarning kutishlari asosida yashayaptimi?
Shu sababli bu filmni ayniqsa maktabning yuqori sinf o‘quvchilari va talabalar ko‘rishi foydali.
Film: Dead Poets Society
Yili: 1989
Janr: drama
3. “The Social Network” — “Ijtimoiy tarmoq”
The Social Network Facebook'ning tashkil topishi va Mark Zuckerberg atrofidagi voqealar haqida hikoya qiluvchi 2010-yilgi biografik drama.
Filmning yoshlar uchun qiziq tomoni — g‘oya, texnologiya, bilim va biznes qanday qilib katta loyihaga aylanishini ko‘rsatishidir.
Universitetda o‘qiyotgan yoshlar uchun film ayniqsa qiziqarli bo‘lishi mumkin. Chunki unda universitet muhiti, dasturlash, startap, raqobat, hamkorlik va biznesdagi kelishmovchiliklar kabi mavzular bir-biri bilan bog‘langan.
Filmni tomosha qilganda uning barcha voqealarini tarixiy fakt sifatida qabul qilishdan ko‘ra, undagi biznes va texnologiya muhitiga e’tibor qaratish ma’qul.
Film: The Social Network
Yili: 2010
Janr: biografik drama







