Telegram kanalimizga a'zo bo'ling va yangiliklardan birinchi bo'lib xabardor bo'ling! 🚀 Obuna bo'lish →

Edutalim.uzEduta’lim — O‘zbekistonning mukammal ta’lim ekotizimi.

Akademik litseylarda ta’lim sifati baholandi: natijalar qanday?

Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi 73 ta akademik litseyda o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalarini e’lon qildi va ta’limdagi holatni tahlil qildi.
1
Akademik litseylarda ta’lim sifati baholandi: natijalar qanday?

Akademik litseylardagi ta’lim sifati tahlili

Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi tomonidan 14 ta hududdagi 73 ta akademik litseyda umummilliy so‘rovnoma o‘tkazildi. Tadqiqotda 24 ming 557 nafar o‘quvchi va 2 ming 520 nafar pedagog ishtirok etdi. Natijalarga ko‘ra, 24 ta asosiy ko‘rsatkich bo‘yicha ijobiy baholar 75–90 foiz oralig‘ida qayd etilgan. Eng yuqori va eng past natija ko‘rsatgan litseylar o‘rtasidagi farq 45,3 ballni tashkil etdi.

Yetakchi akademik litseylar

So‘rovnoma natijalariga ko‘ra, eng yuqori ball to‘plagan ta’lim muassasalari aniqlandi. Xususan, Qarshi davlat texnika universiteti 2-son akademik litseyi 96,4 ball, Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti akademik litseyi 93,2 ball hamda “International Finance” akademik litseyi 92,1 ball bilan yetakchilik qilmoqda.

Aniqlangan muammolar va o‘quvchilar fikri

O‘tkazilgan so‘rovnoma jarayonida ta’lim sifatiga ta’sir qiluvchi qator kamchiliklar ham aniqlandi. O‘quvchilarning 41,2 foizi sport infratuzilmasini, 41,4 foizi esa sinfxona va maishiy sharoitlarni salbiy baholagan. Shuningdek, amaliy va laboratoriya mashg‘ulotlari barcha litseylarda ham yetarli darajada tashkil etilmagani ma’lum bo‘ldi. O‘quvchilarning 95,5 foizi oliygohga kirishiga ishonishini bildirgan bo‘lsa-da, ularning 25,4 foizi qo‘shimcha tayyorgarlik zarurligini ta’kidlagan.

Pedagoglar holati

O‘qituvchilar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovda pedagoglarning 25 foizi ish yuklamasini yuqori deb baholagan. Bundan tashqari, 43,9 foiz pedagog xalqaro malaka oshirish va stajirovkalar bilan qamrab olinmaganini bildirgan.

Xulosa

Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, so‘rovnoma natijalari tahlil qilinib, past ko‘rsatkich qayd etgan akademik litseylar uchun manzilli choralar belgilanishi rejalashtirilgan.

Manba: https://t.me/nqaaeuz/620