Matematika fani o‘z ichiga ko‘plab qadimiy atamalarni oladi. Jumladan, matematika so‘zi yunoncha fan va bilim ma’nosini anglatib, uni Pifagor kiritgan. Arifmetika son san’ati, geometriya esa yer o‘lchash degan ma’nolarni bildiradi. Algebra atamasi esa al-Xorazmiyning Al-jabr va al-muqobala asaridagi al-jabr so‘zidan olingan bo‘lib, tiklash va to‘ldirishni anglatadi. Trigonometriya uchburchaklarni o‘lchash yoki yechish ma’nosini beradi. Shuningdek, aksioma isbot talab qilinmaydigan, gipoteza faraz qilinadigan, teorema esa mulohaza yuritilgan degan ma’nolarni anglatadi. Geometrik shakllar nomlanishida ham yunoncha so‘zlar asos bo‘lgan. Masalan, piramida olov shaklidagi jism, tetraedr to‘rt yoqli, geksaedr olti yoqli, oktaedr sakkiz yoqli, dodekaedr o‘n ikki yoqli va ikosaedr yigirma yoqli degan ma’nolarni bildiradi. Katet shoqul, gipotenuza tarang tortilgan, radius nur, diametr ko‘ndalang, diagonal esa ikki burchak orqali o‘tuvchi degan ma’nolarni anglatadi. Perpendikulyar tikka turuvchi degan ma’noni bildirib, uning belgisini Erigon 1634 yilda kiritgan.







